Alpomish bilan Supermenni nima birlashtirib turadi? Albatta, ularning ikkalasi ham juda kuchli qahramonlar, insonlar hayotini qutqarish, olamni yaxshiroq qilish va shunga o‘xshash juda muhim narsalar bilan band. Lekin ularni birlashtiradigan boshqa narsa ham bor.
Ular bosib o‘tgan yo‘l.
Nafaqat Alpomish yoki Supermen — Simbadan tortib GTA o‘yinidagi Tommi Versettigacha hamma siz tanigan yoki tanimagan qahramonlarning barchasini bitta umumiy yo‘l birlashtirib turadi. Bu haqida o‘zining “Ming yuzli qahramon” kitobida afsonashunos Jozef Kempbell yozib ketgan.
Har qanday qahramon avval o‘zining xavfsiz dunyosida bo‘ladi, keyin, uni nimadir sarguzashtlar tomon chorlaydi… qahramon avval chaqiriqni rad etadi, lekin hayotidagi ustoz bilan uchrashgach, yo‘lga otlanadi. Yo‘lda u do‘stlar orttiradi, dushmanlar bilan kurashadi, hal qiluvchi sinovdan o‘tib, mukofot oladi va uyiga qaytadi.
Reklama va kommunikatsiyalarga buni nima aloqasi bor degan savol tug‘ildimi? Aloqa shundaki, har qanday brend ham aslida bir qahramon. Arxetiplar haqida eshitganmisiz? Masalan, Disney — sehrgar, chunki u sizga hissiyotlar va beg‘uborlik beradi. Google esa — donishmand, axir unda hamma savollarga javob topiladi.
Bundan tashqari, reklamadagi eng kuchli instrumentlardan biri — hikoyalar. Hikoyalarni to‘g‘ri so‘zlab berish uchun esa, qahramon yo‘lini yaxshi bilish muhim. Bu mavzu sizga qanchalik qiziq? Izohlarda fikrlaringizni qoldiring. Gaplashamiz.