Har bir kreator — u kopiraytermi, SMM-mutaxassisimi yoki dizaynermi, erta yoki kech g‘oya topolmaslikdan qiynaladi. Shunaqa paytlarda sizga biroz bo‘lsa ham yordam bo‘lishi uchun, kreativ direktorimiz Shaha Saliyevga savol berdik: qanday qilib yaxshi shtorming qilsa bo‘ladi?
🧠 Iloji boricha ko‘p ma’lumot yig‘ib, keyin g‘oya o‘ylashga o‘tiring — loyiha, mijoz, bozor, mahsulot, auditoriya, brend… mijoz bergan hujjatlarni o‘qing, internetdan ma’lumot izlang (hech bo‘lmasa, Google’ning ikkinchi sahifasigacha boring);
🧠 Shtorming paytida hazillashing, jinnicha g‘oyalar kelsa, ularni jamoa bilan ulashing — bizning miyamiz juda erinchoq, u ishlashni yomon ko‘radi, lekin dam olishni, kulishni barcha neyronlari bilan sevadi. Hazil bilan uzoqqa bormasligingiz mumkin, ishlaydigan g‘oya ham tug‘ilmaydi, katta ehtimol bilan, lekin miyangiz charxlanib, ishga moyil bo‘lib oladi;
🧠 G‘oyalarni tizimlashtiring: avval qandaydir haqiqatni, faktni toping (masalan, hamma dam olishni yaxshi ko‘radi), undan keyin insayt izlang (lekin dam olayotganimizda biz ko‘pincha o‘zimizni aybdor, yalqovdek his qilamiz), so‘ng brend rolini yozib chiqing (brendimiz dam olish paytida o‘zini aybdor his qilayotganlarga qanday yordam berishi mumkin?), bundan keyin yechim keladi (masalan, bizning mijoz KitKat bo‘lsa, brend roli — KitKat dam olish uchun tanaffus davomiyligini belgilaydigan narsa bo‘lishi mumkin). Shundan so‘ng messedjlar va sloganlar tug‘iladi.
🧠 O‘ylab topgan g‘oyalaringizni tekshiring: ko‘pincha kreatorlar bitta yaxshi forma yoki qiziqarli ssenariy o‘ylab topib, shtorming o‘xshadi deb o‘ylashadi. Lekin g‘oyani tekshirish muhim — yaxshi ssenariy yomon tashqi reklama bo‘lishi mumkin, zo‘r poster g‘oyasi digital platformalarda rivojlanmay qolishi mumkin, ajoyib slogan esa… katta kampaniya doirasida shunchaki slogan bo‘lib qolishi mumkin.
👀 Shtorming bo‘yicha kreativ direktorimizga yana savollaringiz bo‘lsa, izohlarda yozib qoldiring!